Zomin milliy tabiat bog'i
Introducing
“Zomin” milliy tabiat bog‘i Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘rida Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumani xududlarida joylashgan. Uning maydoni 23429.2 ga ni tashkil etadi. Dengiz satxidan 1000 m dan 4033 m gacha balandlikda bo‘lib uning yuqori nuqtasi Turkiston tog‘ tizmasining Shaukartog‘ cho‘qqisidir. Milliy bog‘ning janubiy g‘arbiy qismi Baxmal tumanining Muzbuloq, Zartepa qishloqlari bilan, janubiy–sharqida esa Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.
Zomin milliy tabiat bog‘ining maydoni solishtirib bo‘lmas geografik tarmoqqa ega. Milliy bog‘ning chegarasida joylashgan barcha soylarning jilg‘alari Zominsuv daryosining suv havzasiga qaraydi. Bu daryoning suv havzasiga Obiko‘l, Qashqasuv, Yettikechuv, O‘riklisoy, Sharilloq, Usmonlisoy, Oqtosh va Ko‘lsoy kabi soy irmoqlari kelib quyiladi. Ularning barchasi Turkiston tog‘ tizmalaridagi qorlarning erib tushishidan hosil bo‘ladi.
Tabiiy sharoiti: Hudud kontinental, subtropik iqlim zonasida joylashgan. Mintaqaning tog‘ ekotizimi muhim estetik, madaniy va paleontologik ahamiyatga ega. U ko‘plab noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan flora va faunani o‘z ichiga oladi.
Florasi: “Zomin” milliy tabiat bog‘i turli tuman dorivor o‘simliklarga nihoyatda boydir. Hududda yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarning 1216 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, 107 dan ortiq turining dori-darmonlik xususiyati aniqlangan.
Faunasi: “Zomin” milliy tabiat bog‘ida 282 dan ortiq umurtqasiz hayvonlar,
30 dan ortiq tur sut emizuvchilar, 102 dan ortiq tur qushlar, 14 dan ortiq sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchi, 1 tur baliqlar sinfiga mansub bo‘lgan hayvonlar uchraydi. Ulardan 3 tur sutemizuvchilar, 12 tur qushlar O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.
Ekoturizm maskanlari: O‘riklisoy aylanmasidagi “Boboyong‘oq”, “O‘riklisoy”, “Sharshara”, “Sherbuloq”, “Ming yoshli archa” Yettikechuvsoydagi “Miq qalʼasi” kabi ekoturistik maskanlar mavjud. Shuningdek Zomin MTB hududidan 456 ga yer maydoni “Suffa 2400” turizm direksiyasiga ajratib berilgan.
Milliy bog‘ hududida va milliy bog‘ga yaqin qishloqlarda ko‘plab mehmonxonalar hamda mehmon uylari tashkil qilingan. Milliy bog‘ hududida Zomin sanatoriyasi
va boshqa tashkilotlar tasarrufidagi ko‘plab oromgohlar joylashgan.
Milliy bog‘ hududiga tutash hududlarda bir qancha aholi punktlari mavjud bo‘lib, ulardan eng yiriklari Yettikechuvsoy, O‘rikli, Tog‘terak qishloqlaridir. Milliy bog‘ markazidan Zomin va Baxmal tumanlari markazlarigacha 50 km. Dashtoboddagi temiryo‘l stansiyasigacha 70 km, Jizzax shaxrigacha 110 km, Samarqandgacha 310 km.
O‘zbekiston Respublikasi, Jizzax viloyati, Zomin tumani, Bog‘ishamol qishlog‘i;
